Abduvali Qori©
Shayx Abduvali Qori Mirzayev
Shayx Abduvali Qori Mirzayev 1950-yil Andijon shahrining Oltinkoʻl tumanida tavallud topdi. Islom bilimlarini oʻrganishdan mahrum etilgan oilalardan birida voyaga yetdi. Balogʻatga yetganidan boshlab doʻsti Rahmatulloh domla (Alloma) bilan birga yashirincha Islom bilimlarini oʻrgandi. Ular tafsir, hadis, aqida, fiqh fanlaridan hanafiy mazhabi boʻyicha bitilgan kitoblardan dars olishdi.
Keyinchalik arab tili qoidalari va balogʻat ilmi boʻyicha tojikistonlik Muhammad domladan taʼlim olishdi. Abduvali Qori 8 oy ichida Qurʼonni to‘liq yod oldi. Keyinchalik Qurʼonni oʻzbek tiliga izoh berib tarjima qildi va talay kitoblarga sharh berib, ovozli darsliklar chiqardi. 1981-yilda Rahmatulloh domla uyushtirilgan avtohalokat suiqasdi natijasida vafot etdi, Abduvali Qori esa bu halokatdan qutulib qoldi. 1982-yili qamoqqa olingan Shayx hazratlari aybi isbotlanmagani sababli bir necha kundan so‘ng ozod etildi. Bundan tashqari, oʻsha vaqtda davlat xavfsizligi idorasiga doimiy ravishda chaqirtirib turildi. Abduvali Qori oshkoralik davri boshlanganidan buyon 1989-yilda Andijonda qaytadan ish boshlagan Andijon jomeʼ masjidida imom-xatib boʻlib, odamlarni Allohning diniga da’vat qila boshladi. 1992-yilda Toshkentda Oʻzbekiston islom uygʻonish partiyasining raisi Abdulla O‘tayev oʻgʻirlanganidan boshlab, Abduvali Qoriga ham bevosita tazyiqlar davom etdi. 1995-yil 29-avgust sanasida Andijon xalqaro aeroportidan Toshkentga uchib borgan Abduvali Qori Toshkent xalqaro aeroportida qoʻshimcha tekshiruv uchun olib ketildi va shu bilan gʻoyib boʻldi. Yaqinlari uni Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan oʻgʻirlangani va qamoqqa tashlanganini taʼkidlaydilar. Oʻzbek rasmiylari esa Abduvali Mirzayevning yoʻqolishiga aloqalari borligini rad etadilar. Ayni paytda uning qayerda ekani nomaʼlumligicha qolmoqda.
Shayx Abduvali Qoridan Alloh rozi bo‘lsin va din yo‘lida qilgan xizmatlarini chiroyli mukofotlasin!
Bizning yo’limiz © Shayx Abduvali Qori Andijoniy